Juma va dam olish kunlari O‘zbekiston hududiga janubi-g‘arbiy tomondan nam havo massasi kirib keladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet xizmati agentligi.

3−5-may kunlari respublika bo‘yicha beqaror ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublikaning ayrim joylarida 4-may kuni kechqurun, 5-may kuni kechasi va kunduzi kuchli jala yog‘ishi mumkin.

Havo harorati +20…+25 daraja atrofida bo‘ladi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 7−12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 17−22 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bo‘ladi.

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida ham yomg‘ir yog‘adi, vaqti-vaqti bilan kuchli bo‘ladi, ba’zi joylarda momaqaldiroq kuzatiladi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Baland tog‘larda 2000 metrdan yuqori hududlarda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin. Qor ko‘chishi xavfi saqlanib turadi.

Toshkent shahrida juma kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. 4-mayda kechasi va ertalab yomg‘ir yog‘adi, 5-mayda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 5−10 m/s tezlikda esadi, 5-mayda 15−17 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat kunduzi 3−4-mayda +23…+25, 5-mayda +20…+22, kechalari +15…+17 daraja bo‘ladi.